Mamlakatimizda “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzusida haftalik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur haftalik doirasida Toshkent viloyatining barcha hududlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va intellektual tanlovlar tashkil etildi.

Xususan, “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi”, “Ta’lim egalaridan bo‘ling!”, “Zakovat”, “Bilimdon qiz”, “Bilimdon ayol” kabi tanlovlar xotin-qizlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu tadbirlar orqali ishtirokchilarning bilim darajasi, tafakkuri, dunyoqarashi va intellektual salohiyati sinovdan o‘tkazildi.

Haftalik tadbirlarining asosiy maqsadi qizlarimizni ilm olishga, izlanishga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, o‘z ustida muntazam ishlashga undashdan iboratdir. Tadbirlar davomida turli fan yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan olima ayollar, iqtidorli qizlar rag‘batlantirildi.
***
Toshkent viloyat bojxona boshqarmasi rahbarligida Ohangaron tumanidagi "Zalal Mowafaq FZ" zavodi faoliyati bilan bog‘liq sayyor uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu zavod tomonidan salqin ichimliklar ishlab chiqarishda eng yuqori standartlar belgilangan.
Loyiha to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilib, 60 million dollardan ortiq mablag‘ kiritildi. Uchrashuvda Prezidentimizning 2025-yil 17-dekabrdagi "Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Xususan, tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar va yangi imkoniyatlar, "Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali xomashyo va materiallarni olib kirib ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirish, ortiqcha xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari aytildi. Shuningdek, bojxona organlari investitsiya loyihasi doirasida import qilinadigan uskunalar va texnologiyalarni rasmiylashtirish, bojxona imtiyozlari hamda qonunchilik talablari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

***
Toshkent viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, O‘zbekiston Bolalar tashkiloti Toshkent viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Bolalar harakati” sardorlari “Harbiy qismda bir kun” loyihasi doirasida harbiy hayot bilan yaqindan tanishdi.

Ular harbiy xizmat tartib-qoidalari, intizom, jasorat va vatanparvarlik muhitini bevosita his etib, chinakam harbiycha hayot tajribasiga ega bo‘ldi. Oxirgi yillar joylarda bu kabi amaliy uchrashuvlar ko‘p marta tashkil etilyapti. Buning natijasida hudud yoshlari harbiy sohaning mas’uliyati, mashaqqati va sharafli ekanini his qilmoqda.

A. Musayev, O‘zA