Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:50 / 2026-02-11

Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da “Antinarko yoshlar front-ofislari” hududiy koordinatorlari uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish, volontyorlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda hududiy front-ofislar salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Seminar davomida ishtirokchilar giyohvandlikka qarshi davlat siyosati, huquqiy va psixologik profilaktika, virtual makondagi narkotahdidlarga qarshi choralar, SMM va zamonaviy targ‘ibot mexanizmlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar orqali maktab o‘quvchilari va talabalar orasida giyohvandlikka qarshi samarali, barqaror tizimni shakllantirish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, front-ofis koordinatorlarining asosiy vazifalari va faoliyat olib borish mexanizmlarini tushuntirishdir.

***

Ohangaron tumani tibbiyotida yana bir muhim yutuq qayd etildi. Ilk bor yuqori murakkablikka ega bo‘lgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilib, 12 yoshli bemor og‘ir xastalikdan forig‘ bo‘ldi.

Mazkur operatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tekshiruv markazining tajribali mutaxassislari hamda mahalliy shifokorlar hamkorligida amalga oshirildi. Jarrohlar tomonidan bemorda aniqlangan ko‘krak qafasi nuqsonini bartaraf etish maqsadida zamonaviy tibbiy usullar qo‘llanildi.

Xususan, ko‘krak qafasini NUSS usuli bo‘yicha yopiq repozitsiya qilish hamda LSP plastina yordamida metallosteosintezlash kabi murakkab jarrohlik amaliyoti yuqori aniqlik va professional mahorat bilan o‘tkazildi. Quvonarlisi, ushbu murakkab operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.  

***

Shu kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning Geongsang Milliy universitetida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Asosiy maqsad  Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdir. Delegatsiya xizmat safari doirasida dastlab Butunjahon taekvondo assotsiatsiyasi hamda Taekvondo sport turini targ‘ib qilish markazi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekistonda taekvondo sport turini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan loyihalar ko‘lamini yanada kengaytirish, talabalar va sportchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni muhokama qildi. O‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Abdilaziz Musayev,O‘zA