Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududlarida yovvoyi hayvon va qushlarni qo‘shimcha oziqlantirish maqsadida biotexnik tadbirlar amalga oshirildi.
Unda milliy bog‘ inspektorlari tomonidan jami 125 kilogramm tuz, 180 kilogramm arpa, 200 kilogramm kepak va 400 kilogramm pichan mahsulotlari tog‘lardagi katta xarsang toshlar orasi va tag qismidagi quruq joylarga, daraxtlarning atroflariga sepildi. Qorning qalinligi 40-50 santimetr, tog‘larning yuqori tomonlarida esa 70-80 santimetr va undan ortiqni tashkil etadi.
Qish faslida o‘simliklar va tuproqda yetarli miqdorda tuz bo‘lmagani sababli hayvonlar kerakli miqdordagi vitaminlarni olmaydi. Bu sa’y-harakatlar esa kelgusida hayvonot olamining son jihatdan ortishi va yashab qolishiga xizmat qiladi.


***
Zangiota tumanida “Alisher Navoiy bog‘i” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yangi bunyod etilgan bog‘ markazida buyuk shoir haykalining tantanali ochilishi yig‘ilganlar uchun chinakam ma’naviy bayramga aylandi. Tadbirda Alisher Navoiy merosining xalqimiz ma’naviy hayotidagi beqiyos o‘rni, uning bebaho adabiy asarlari, insonparvarlik, vatanparvarlik va komillikka chorlovchi yuksak g‘oyalari haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, mazkur bog‘ kelgusida yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish uchun fayzli maskan bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

***
Toshkent dengizida 2012–2013 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida sportning akademik eshkak eshish turi bo‘yicha viloyat hokimi kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqada hududlaridan kelgan yosh sportchilar ishtirok etib, o‘z mahorati va jismoniy tayyorgarliklarini namoyon etmoqda. Bellashuvlar yuqori raqobat va ko‘tarinki ruhda o‘tib, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.


Abdilaziz Musayev, O‘zA