Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mas’ullari Zangiota tumanida joylashgan “Bek-Baraka” ixtisoslashgan savdo kompleksida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy va shaffof faoliyat yuritishi, savdo jarayonlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, faoliyatning amaldagi qonunchilik hamda belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq tashkil etilishi atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari tinglandi.
Uchrashuv chog‘ida soliq intizomini mustahkamlash, soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etish, nazorat-kassa texnikalaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini to‘liq qonuniy asosda tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlarga amaldagi soliq qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.


***
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli Ohangaron tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test sinovlari o‘tkazildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov harbiy xizmatchilar bilan uchrashdi. Samimiy muloqot davomida tuman rahbari harbiy xizmatchilarni Vatan tinchligi va davlat chegaralarining daxlsizligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan fidoyi o‘g‘lonlar sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, ularning har kunlik xizmati jasorat, qat’iyat, intizom va yuksak mas’uliyat namunasi ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda test sinovlarini topshirishga kirishdi. Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari tomonidan ushbu jarayon yuqori saviyada, shaffof va adolatli tarzda tashkil etildi.


***
Toshkent viloyatida “og‘ir” toifaga mansub 47 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish masalalari yuzasidan o‘rganishlar boshlandi.
Avvalo, “Mahalla pasporti” shakllantirilmoqda. Mahalla hududiga o‘rnatilishi rejalashtirilgan 300 kilovatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi uchun yer maydoni tanlanmoqda. Tomorqalarni sug‘orish uchun suv ta’minoti, elektr tarmoqlari hamda ichki yo‘llarning holati ko‘zdan kechirilmoqda.

Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbar-xodimlari hudud mas’ullarining mazkur o‘rganishlari asosida davlat byudjetidan 2 milliard so‘m va viloyatdan 1 milliard so‘m mablag‘larni samarali sarflashning aniq taqsimoti ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, mahallalarning o‘sish nuqtalarini aniqlash, kambag‘al va ishsiz oilalarning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

A.Musayev, O‘zA.