Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning dzyudo turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida “Toshkent viloyati hokimi kubogi” musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqaning ochilishida viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov ishtirok etib, yosh sportchilarga o‘z tilaklarini bildirdi. Bellashuvlarda barcha tuman va shaharlardan kelgan yosh dzyudochilar o‘zaro kuch sinashib, yuqori raqobat va sportga xos halollik ruhida bahs olib bordi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, eng iqtidorli ishtirokchilar keyingi bosqich musobaqalariga yo‘llanma oldi.


***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona postida dori vositalarini noqonuniy olib kirishga urinish bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi. Xususan, “Navoiy” chegara bojxona postiga kirib kelgan yo‘lovchining harakatlari shubha uyg‘otgani sababli u maxsus rentgen qurilmasi orqali bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasida fuqaroning qorin qismiga yashirib olingan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan jami 166 dona dori vositalari aniqlandi. Mazkur dori vositalari boshqa davlatdan qayta sotish maqsadida olib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.

Yana bir holatda, mazkur postga kirib kelgan fuqaroning tanasiga bekitilgan, deklaratsiyada aks ettirilmagan 260 dona “Osteogenon” nomli dori vositalari aniqlandi. Ushbu dori vositalari ham qayta sotish maqsadida olib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
***
Chirchiq shahrida “Salomatlik marafoni”ga start berildi. Uning doirasida shahar bo‘yicha skrining va profilaktik ko‘riklar tashkil etilib, aholiga sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
Jumladan, 45 yoshdan katta ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash maqsadida maxsus tekshiruvlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 5 ta oilaviy poliklinikada aholi ommaviy skrininglardan o‘tkazilib, surunkali kasalligi aniqlangan fuqarolar malakali mutaxassislarga yo‘naltirilmoqda.
Mazkur marafon aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning barvaqt oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan.

A.Musayev, O‘zA.