Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:51 / 2026-02-04

Nurafshon shahrida O‘zbekiston bolalar tashkiloti “Bolalar harakati” sardorlar saylovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti hamda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan birgalikda tashkil etilgan jarayonlarda nomzodlar “Men sardor bo‘lsam” mavzusidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbir davomida ular yoshlar ishtirokida amalga oshirishni rejalashtirgan tashabbus va loyihalari, shuningdek, shu kungacha erishgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Saylov yakuniy natijalariga ko‘ra, ishtirokchilar orasidan viloyat sardorlari saylandi. 

*** 

Toshkent davlat agrar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan yangi “O‘zbegim” greypfrut navi Adliya vazirligining Seleksiya yutuqlari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Uzoq vaqt davomida greypfrut faqat chetdan keltiriladigan ekzotik meva hisoblanadi. “O‘zbegim” navi esa – mahalliy seleksionerlarning ko‘p yillik zahmatli mehnati mahsulidir. Yangi nav respublikamiz iqlim sharoitlariga to‘liq moslashtirilgan bo‘lib, u mahalliy seleksiya sohasidagi yutuqlardan biri hisoblanadi. Seleksiya yutug‘i yangilik, farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga javob bersa, u huquqiy muhofaza qilinadi. 

*** 

Toshkent viloyati sport boshqarmasi binosida Karate-WKF assotsiatsiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sport boshqarmasi vakillari, murabbiylar hamda sportchilar ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda Karate-WKF sport turini viloyat hududida keng targ‘ib etish, yosh sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, ularning mahoratini oshirish va sportning ommaviyligini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Kun tartibining asosiy masalasi sifatida Toshkent viloyati Karate-WKF assotsiatsiyasi bosh murabbiysini tayinlash ko‘rib chiqildi va Xurshid Shodibekov viloyat assotsiatsiyasi bosh murabbiy sifatida rasmiy e’lon qilindi. 

A.Musayev, O‘zA.