Hayotda shunday lahzalar borki, arzimasdek ko‘ringan g‘amxo‘rlik umidga aylanadi. Shunday paytlarda jajji qorako‘zlar davlat va jamiyat ularga suyanch ekanini his qilishi kerak.
Shu maqsadda Toshkent viloyati hokimi tashabbusi bilan og‘ir xastalik – sklerozlashgan panensefalit kasalligiga chalingan 16 nafar bola uchun moliyaviy ko‘mak berildi. Bu yordam – shunchaki mablag‘ emas. Bu – ota-onalar ko‘ngliga berilgan taskin, bolajonlar uchun esa ertangi kunga ishonch.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda ham ushbu kasallik bilan og‘rigan 11 nafar bemor bola uchun shu kabi moliyaviy yordamlar ko‘rsatilgan.


***
3 fevral – Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni munosabat bilan Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi inspektorlari ta’lim maskanlari yoshlari bilan qushlarga yordam berishga qaratilgan ezgu aksiya o‘tkazdi.
Ko‘ngillilar va yosh ekologlar ishtirokida maxsus tayyorlangan qush uyalari maktablardagi daraxtlarga o‘rnatildi. Bunday tashabbuslar qushlar populyatsiyasini saqlab qolish, ularni sovuq mavsumda qo‘llab-quvvatlash hamda bioxilma-xillikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida inspektorlar tomonidan yoshlarda qushlarni asrash, ularni to‘g‘ri oziqlantirish va tabiiy muhitini himoya qilish bo‘yicha ham zarur bilim va ko‘nikmalar berdi.


***
Yuqori-Chirchiq tumanida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Suv xo‘jaligi vazirligining mas’ul xodimlari, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan investorlar va mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda suv xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda suv tanqisligi sharoitida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati, xususan, suv sarfini kamaytirish, ekinlarni barqaror sug‘orish va hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xitoylik mutaxassislar tomonidan tomchilatib va zamonaviy sug‘orish tizimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi, texnologiyalarning imkoniyatlari va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar o‘tkazildi.
Joriy yilda Yuqori-Chirchiq tumanida 500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish hamda 850 gektar yaqin maydonda “Shinjon” tajribasi asosida paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi.

A.Musayev, O‘zA.