Bugungi kunda yoshlar siyosati mahalla darajasidan tortib respublika miqyosigacha bo‘lgan eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xususan, yoshlar bilan ishlashda “mahalladan – vazirlikkacha” tamoyili asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tizimi joriy etildi.

“Yoshlar balansi” orqali har bir yosh bilan individual ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur ilg‘or tajriba asosida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 7 ming 119 nafar ishsiz hamda 1 ming 907 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar tuman va shahar hokimliklari, idora va tashkilotlar, huquq-tartibot hamda mudofaa organlari rahbarlariga nomma-nom biriktirildi.
Shuningdek, tuman (shahar) va viloyat miqyosida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar tomonidan olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, monitoring va tahlil qilish vazifasi Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyevga yuklatildi. Ayni kunlarda tuman-shaharlar hokimlari, mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlarining yoshlar bilan faol muloqotlari o‘tkazilmoqda.

Natijada yoshlarning muammolarini hal etish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarga o‘qitish, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali bandligi ta’minlanmoqda.
***
“Yallama” chegara bojxona postida Toshkent viloyati prokuraturasi mas’ullari bilan hamkorlikda bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda korrupsiya holatlarining oldini olish, xizmat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, xodimlarning mas’uliyatini oshirish va halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, bojxona organlarida qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
***
Chirchiq shahrida yunon-rum kurashi sport turi bo‘yicha 2011–2013 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida Toshkent viloyati hokimi kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman-shaharlardan 150 nafarga yaqin yosh sportchilar ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tib, yoshlar o‘rtasida yunon-rum kurashini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda sport zaxiralarini shakllantirishga xizmat qildi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni CHOPSTTM jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Oqqo‘rg‘on tumani jamoasi va uchinchi o‘ringa esa Nurafshon shahri jamoasi loyiq ko‘rildi. Ushbu musobaqa Toshkent viloyatida yoshlar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda kelgusida respublika va xalqaro maydonlarda viloyat sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni tayyorlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
A.Musayev, O‘zA.