Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish” loyihasi doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha aholi salomatligini yaxshilash va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, Navoiy va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Uning doirasida birlamchi tibbiy yordam muassasalari xodimlari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Yaponiyalik mutaxassislar ozuqaviy moddalarning inson salomatligiga ta’siri, vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilishning ahamiyati haqida tushuntirishlar bermoqda. Ayniqsa, bolalarga sog‘lom ovqatlanishni o‘yinlar orqali o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

***
Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining hududiy filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining hududiy filiali rahbari E.Odilov ishtirok etdi. Hamkorlik doirasida kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining tadbirkorlik va biznes sohasidagi bilimlari, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish orqali bandligi ta’minlanadi.


***
Bo‘ka tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda “Vatanparvarlik karvoni” oyligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy va harbiy-sport tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi, Toshkent harbiy okrugi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni yurtimiz mudofaa tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir.


Unda Bo‘ka tuman 2-son texnikumi o‘qituvchi va o‘quvchilari, harbiy xizmatchilar, Favqulodda vaziyatlar xodimlari, Milliy gvardiya vakillari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari ishtirok etdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, saf ko‘riklari va amaliy ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Bu chiqishlar yoshlarda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mardlik va matonat fazilatlarini shakllantirishga xizmat qildi. Shuningdek, sportchi qizlarning jangovar chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
A.Musayev, O‘zA.