Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:06 / 2026-01-26

Bo‘stonliq tumanida Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan Olimpiya o‘yinlari chempioni Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Mohammed Hassan Jalood hamda federatsiya Bosh kotibi Mohammed Alharbi qurilish jarayonlari bilan tanishdi. Ularga O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov hamrohlik qildi. 

Mehmonlar sport klubi loyihasi, zamonaviy talablarga javob beradigan sport inshooti sifatida rejalashtirilayotgani, og‘ir atletikachilar uchun yaratiladigan sharoitlarni yuqori baholadi. Ular bu maskan kelgusida jahon va Olimpiya o‘yinlari chempionlari yetishib chiqadigan muhim sport markaziga aylanishiga ishonch bildirdi. 

Tashrif doirasida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, kelgusida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubida xalqaro seminarlar, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda tajriba almashishga qaratilgan nufuzli tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

*** 

Ohangaron tumanida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari belgilangan reja asosida, uyushqoq va tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Ushbu muhim jarayonning sifatli o‘tkazilishi, to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar joylarda samarali yo‘lga qo‘yilgan. 

Jumladan, tumanda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamda ushbu kompleksga kiruvchi tashkilot va idoralar mutasaddilari tomonidan fermerlarga bevosita amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Mas’ul xodimlar fermerlarga elektron platforma orqali ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritish, texnik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur tushuntirishlar beryapti. 

Muhimi, onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid aniq ma’lumotlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud holatni to‘liq o‘rganish hamda kelgusida sohani rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shuningdek, fermerlarning ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelmasligi, ular uchun qulaylik yaratish maqsadida, barcha tegishli idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yanada kuchaytirilgan. 

*** 

Parkent tumanida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan savdo va xizmatlar sifatini oshirish maqsadida jamoatchilik nazorati tadbirlari izchil davom etmoqda. Tumani hokimi tomonidan tasdiqlangan joriy yilgi reja asosida ishchi guruhi savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida monitoring hamda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. 

Jarayonda savdo shoxobchalari, umumiy ovqatlanish maskanlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida mahsulotlarning sifati, yaroqlilik muddati, narx-navoning asoslangani, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq va ishonchli axborot taqdim etilishi holatlari tahlil qilinmoqda. 

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli tashkilot va sub’ektlarga taqdimnomalar kiritilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanib, qonunchilik talablari tushuntirilmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.