Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:25 / 2026-01-20

Yoshlarning sog‘ligini mustahkamlash, bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida joriy yil fevral oyida Bo‘stonliq tumanidagi “Quyoshli” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Chimgan challenge-2026” sport festivali tashkil etiladi.

Bir necha yillardan buyon o‘tkazilayotgan ushbu festival doirasidagi o‘quv-seminar, maxsus treninglar hamda mini-futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi turlari bo‘yicha sport musobaqalarida vazirlik, idora va tashkilotlardan sport targ‘ibotchilari qatnashadi. 

*** 

Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi hamda Toshkent gumanitar fanlar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi. Mazkur tashabbus ta’lim tizimida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini amaliyotga joriy etishni nazarda tutgan. 

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, maktabgacha va umumta’lim muassasalari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirokida malaka oshirish kurslari, seminar-treninglar va mahorat darslarini tashkil etish belgilangan. 

Shu bilan birga, talabalarning maktabgacha va maktab ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashini tizimli yo‘lga qo‘yish, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. 

*** 

“Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirig‘i bilan respublikamizning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. 

“Hududgaz Toshkent” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, gaz ta’minoti bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari ishtirokida O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan xatlov jarayonida tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanish holati fosh etildi. 

Xususan, “Yangi turmush” MFYda joylashgan “O.T.M.” oilaviy korxonasiga qarashli ziravor ishlab chiqarish sexida iste’molchi ijro-texnik hujjatlarisiz tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi. 

Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, 1 milliard 10 million so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. 

A.Musayev, O‘zA.