Ohangaron tumani Qoraxitoy mahallasida istiqomat qiluvchi, uzoq yillar davomida ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilgan, yuzlab shogirdlarga bilim va tarbiya bergan ustoz pedagog Erkin Nishonovning samarali mehnat faoliyati munosib e’tirof etildi.
Quvonarli va faxrli lahzalarga boy ushbu tadbir doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev ustoz xonadonida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida ustozning ta’lim sohasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘rni, mehnat faoliyati davomida ko‘rsatgan sadoqati va fidoyiligi alohida e’tirof etildi.

Tantanali holatda Erkin Nishonovga “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Bu mukofot uning ko‘p yillik halol mehnati, kasbiga bo‘lgan sadoqati va yuksak mas’uliyatining yorqin ifodasi sifatida baholandi. Tadbirda ustozning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari va yaqinlari jam bo‘lib, ushbu quvonchli lahzalarga guvoh bo‘ldi. Ular ustozning e’tirof etilishi nafaqat oilasi, balki butun mahalla va shogirdlari uchun ham katta faxr ekanini ta’kidladi. Erkin Nishonov esa o‘z navbatida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, yosh pedagoglarga hamisha bilimli, sabr-toqatli va kasbiga sadoqatli bo‘lishni tiladi.
***
Chirchiq shahridagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligi hamda “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan, “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida “Askar ota-onalarini sharaflaymiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy-tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari N.Normirzayeva, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi A.Nosirov, tegishli tashkilot va idoralar mas’ullari, harbiy xizmatchilar, askarlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Jarayonda Vatanga sadoqat, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli burch ekani, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mazkur loyiha doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali respublikamizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz farzandlarining askarlik hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilayotgani ta’kidlandi.
***
Sport vazirligi tomonidan Parkent tumanining sport maktabiga maxsus kiyimlar hamda turli sport buyumlari topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda sport maktabi rahbariyati, murabbiylar, yosh sportchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yoshlar salomatligini mustahkamlash va iste’dodli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi.

Yoshlar yaratilayotgan sharoitlar uchun mutasaddilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.