“O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati hududida zamonaviy texnopark qurish ishlariga start berildi. Mazkur loyiha yirik ko‘lamga ega bo‘lib, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va sanoat infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Texnopark faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ikki ming nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanishi reja qilingan. Bu esa nafaqat bandlik masalasini hal etish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash va hudud iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

***
Bo‘ka tumanida O‘zbekiston Respublikasining 2026 yilga mo‘ljallangan soliq siyosati konsepsiyasi doirasida soliq qonunchiligiga kiritilgan muhim o‘zgarishlar mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati va soha mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda Bo‘ka va Bekobod tumanlari, shuningdek, Bekobod shahridan kelgan tadbirkorlik sub’ektlari va ularning vakillari faol qatnashdi. Mutaxassislar soliq tizimidagi yangiliklar, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini batafsil tushuntirdi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan maxsus qo‘llanmalar tarqatilib, amaliy tavsiyalar berildi.


***
Toshkent tumanida hududdagi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.


Xususan, “Men g‘olib” shiori ostida “Zakovat” bilimdonlik o‘yini o‘tkazdi. Unda “Sarhad”, “Qalqon” va “Lochinlar” kabi jamoalar do‘stona raqobat ostida bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi.
Bu kabi intellektual musobaqalar harbiy xizmatchilarning tafakkur va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi. Yakunda g‘olib va faol jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA.