Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:59 / 2026-01-06

Toshkent viloyati hokimligida Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan hududda ko‘p yillar davomida istiqomat qilib kelgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda qayd etilganidek, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mas’ullar tomonidan 61 nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari topshirildi. Ularga mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish va Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish tilaklari bildirildi. 

*** 

Bugungi kunda bojxona nazoratidan yashirincha olib kirilayotgan tamaki mahsulotlariga qarshi kurashish yo‘nalishida qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, zamonaviy nazorat usullarini joriy etish, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirish hamda xavf tahliliga asoslangan tizimlar orqali tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar o‘z vaqtida aniqlanib, fosh etilmoqda. 

Jumladan, yurtimizga kirib kelish uchun Toshkent viloyati hududidagi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali harakatlangan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtoulovi bojxona kuzatuvidan o‘tkazildi. Unda avtoulov yukxonasida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yuk kuzatuv hujjatlarida aks etmagan, qayta sotish maqsadida olib kelinayotgan 480 dona elektron sigareta va “snyus” turdagi tamaki mahsulotlari aniqlandi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunchilikka muvofiq dastlabki tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

*** 

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ommalashmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim asosdir. 

Xususan, Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasining ishchi guruhi mutaxassislari tomonidan Nurafshon shahridagi oziq-ovqat savdo nuqtalarida jamoatchilik nazorati monitoringi o‘tkazildi. Jarayonda bir qator kamchiliklar aniqlandi. 

Jumladan, ayrim mahsulotlarning yaroqlilik muddati o‘tgani, mahsulotlarni saqlash sharoitlari sanitariya qoidalariga mos kelmasligi, mahsulotlarda ishlab chiqaruvchi va tarkibi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar mavjud emasligi, narxlar to‘g‘risida ma’lumotlar iste’molchilar uchun ochiq va aniq joylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi. 

Shu bilan birga, ayrim savdo nuqtalarida nazorat-kassa apparatlari mavjud emasligi hamda iste’molchilarga xarid cheklarini bermaslik holatlari aniqlangan. Shular yuzasidan tegishli savdo ob’ektlari mas’ullariga qonunchilik talablari tushuntirilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirishlar berildi. 

A.Musayev,O‘zA.