Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida Prezidentimizning 2025 yil 6 dekabrdagi tegishli farmoni bilan afv etilgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, jamiyatga qayta integratsiya qilish, bandligini ta’minlash hamda mavjud ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda viloyati IIBB boshqarmasi mutasaddilari, Sog‘liqni saqlash, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari va boshqa hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi. Muloqotda afv etilgan shaxslarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, sog‘lig‘ini tiklash va jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, har bir shaxsga mas’ul xodimlardan murabbiylar biriktirildi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lig‘ida muammosi mavjud bo‘lgan uch nafar shaxsga bepul tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, 46 nafar shaxs korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi. Fuqarolik hujjatlari mavjud bo‘lmagan ikki nafar shaxsga bepul ID-karta rasmiylashtirildi.

***
Qish mavsumining qirovli kunlarida yovvoyi hayvonlar va qushlarni hayotini saqlab qolish maqsadida Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida navbatdagi biotexnik tadbirlar amalga oshirildi.
Unda ov xo‘jaligining Qoraqizsoy, Onao‘lgansoy, Quruqsoy, Toldiqsoy va Qorabog‘soy hududlarida yovvoyi hayvon va qushlarni qo‘shimcha oziqlantirish ishlari olib borildi. Jarayonda jami 300 kilogramm tuz va 500 kilogramm omuxta yem tayyorlanib, hayvonlar xavfsiz harakatlanadigan, katta xarsang toshlar orasi va ostidagi quruq joylarga sepildi.
Ushbu biotexnik tadbirlar qish faslida yovvoyi tabiat jonzotlarining yashab qolishlari, ularning sog‘lom saqlanishi hamda tabiiy muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.


***
Boshqaruv samaradorligi agentligining Toshkent viloyati filiali binosida filial mutasaddilari, jamoatchilik faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda dastlab, tashkilot rahbari o‘rinbosari Mirzobek Toshboyev 2025 yil davomida davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, joriy yilda davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida qabul qilish maqsadida jami 5 ming 308 ta tanlov o‘tkazilib, 1 ming 459 nafar nomzod g‘olib deb topilgan.


Matbuot anjumanida Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, kadrlar faoliyati samaradorligini baholash hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
A.Musayev, O‘zA.