Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining Toshkent viloyat, tuman va shahar bo‘linmalari rahbarlari, jamiyat faollari hamda ko‘zi ojiz fuqarolar, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar, boshqarmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida jamiyat tomonidan shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, yangi rejalar va maqsadlar xususida ma’lumot berildi. Asosiy e’tibor ko‘zi ojiz fuqarolarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ular uchun munosib mehnat va ta’lim muhitini yaratish, bandligini ta’minlash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirish masalalariga qaratildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarning murojaatlari, hayotiy muammolari va amaliy takliflari tinglandi. Ayrim masalalar shu joyning o‘zida mutasaddi tashkilotlar ishtirokida yechimini topdi. Qolgan masalalar yuzasidan esa tegishli rahbarlarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi nazoratga olindi. Yakunda jamiyatning faol vakillariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona posti orqali yurtimizga piyoda kirib kelgan fuqarolar tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kirish holatlari aniqlandi.
Bojxona ko‘rigi davomida fuqaroning qo‘l yuklari orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan hamda olib kirishga ruxsat beruvchi hujjatlari bo‘lmagan, qayta sotish maqsadida olib kirilayotgan 300 dona “Nakom” nomli dori vositalari fosh etildi.
Yana bir holatda, shubhali harakatlari sababli shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan fuqaroning paypoqlari ichida va kiyimlari cho‘ntaklarida yashirilgan 277 dona “Godeks” nomli dori vositalari borligi aniqlandi. “Body scanner” qurilmasi yordamida tekshiruvdan o‘tkazilgan fuqaroning qorin va bel qismiga yashirilgan 235 dona “Nazivin” nomli dori vositalari topildi. Holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


***
Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini qo‘llab quvvatlash maqsadida “Shukronalik — oiladan boshlanadi” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Toshkent viloyati hokimligi, Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chirchiq harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutasaddi rahbarlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.


Maqsad 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari orasida vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish hamda ulardagi mavjud masala va ijtimoiy ehtiyojlariga yechim topishdan, ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i va Chirchiq harbiy prokurorining “Sayyor qabuli” ham o‘tkazildi. Ishlash istagida bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish va ishga joylashtirish masalalari yuzasidan “Mehnat yarmarkalari” tashkil etildi. Shu bilan birga, tibbiy ko‘rik va “Kitoblar yarmarkasi” ham kelganlarga foydali bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA.