Yangiyo‘l shahrida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli rassom Qo‘chqorboy Akbarovning “Tabiat va men” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi hamda yoshlar va muxlislar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Kartinalarda tabiatning sukunati, inson ruhiyatining nozik kechinmalari, milliylik va zamon nafasi uyg‘un holda ifoda etilgan. Har bir asar – hayot haqidagi o‘y, har bir rang – qalbdan chiqqan sado kabi qabul qilinadi. Ijodiy uchrashuvda Qo‘chqorboy Akbarov san’atning inson ma’naviyatidagi o‘rni, ijodkor mas’uliyati va izlanish yo‘li haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

***
Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosi doirasida Ohangaron tumanida navbatdagi muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirildi.
Xususan, Chuvildoq mahallasidagi 39-sonli oilaviy poliklinika filialining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Yangi tibbiyot maskani zamonaviy talablarga mos holda barpo etilgan bo‘lib, qurilish ishlariga 2 milliard 93 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ochilish marosimida Ohangaron tumani hokimi Bahromjon Norqobilov ishtirok etib, mahalla ahlini ushbu muhim ijtimoiy ob’ektning ishga tushirilishi bilan qutladi.
Tadbirda ishtirokchilar yangi poliklinikada yaratilgan sharoitlar, tibbiy xonalar, qabul jarayoni uchun mo‘ljallangan jihozlar va xizmat imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.


***
“Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirig‘i bilan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filialining komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan reydlarda Olmaliqlik tadbirkorlar “zangori yoqilg‘i”dan noqonuniy foydalanib kelayotgani fosh etildi.
Xususan, “Namuna” MFYdagi “M.A.” MCHJ binosi xatlovdan o‘tkazilganda, iste’molchi o‘chirish qurilmasiga o‘rnatilgan bir martali tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan olib tashlagan holda tabiiy gazdan foydalanayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 199 million 422 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.


Mazkur mahalladagi “O.R.” MCHJga qarashli hududda ham iste’molchi bir martali tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan olib tashlab, tabiiy gaz tarmog‘iga ulangani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilib, 138 million 342 ming so‘m jarima belgilandi va barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
A.Musayev, O‘zA.