Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:15 / 2025-12-15

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyatda maqbullashtirilgan mahallalar chegaralarini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Davlat kadastrlari palatasi va Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmalari tomonidan viloyat hududidagi mahallalar sonini optimallashtirish bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.  

Unga ko‘ra, mahallalar soni 142 taga qisqardi, 178 ta mahalla chegaralariga o‘zgarishlar kiritildi. Viloyat bo‘yicha jami mavjud mahallalar soni 883 ta bo‘ldi.  

Sessiyada davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘ining ushbu masala yuzasidan bergan hisoboti ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan maqbullashtirilgan mahallalarning chegaralari tasdiqlandi. 

*** 

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor tuzilmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari bilan hamkorlikda Bektemir tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Unda “Sirdaryo – Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan yengil avtotransport vositasi “Bektemir” YPX maskanida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada qiymati 56,4 million so‘mni tashkil etuvchi 378 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. 

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

*** 

Chirchiq shahrida “Intellektual kimyo texnologiya tizimlari” ilg‘or muhandislik maktabining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti va “O‘zkimyosanoat” AJ hamkorligida tashkil etilgan mazkur maktab Prezidentimiz rahbarligida 2024 yil 20 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, kimyo sanoatida ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yildi. 

Chirchiq kimyo-industrial texnoparki hududida joylashgan maktab kimyo sanoati uchun zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro talablarga mos muhandis-texnologlarni tayyorlashga qaratilgan. Ikki yillik ta’lim jarayonida talabalar sanoat korxonalarida haqiqiy loyihalar va tadqiqot ishlarida ishtirok etadi. Maktab faoliyati kimyo sanoatida raqamli, ekologik va texnologik yangilanishlarni joriy etish, energiya tejamkor va ekologik xavfsiz texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

A.Musayev, O‘zA.