Ma’lumki, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faollikni oshirish maqsadida mamlakatimizda “Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash” sport sinovlari o‘tkazilgan edi.
Sport sinovlarida Toshkent viloyatidan 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta bo‘lgan 44 ming nafardan oshiq fuqarolar o‘z jismoniy tayyorgarlik darajasini namoyon etdi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida “Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash” sport sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan fuqarolarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i R.Boboqulov Piskent, O‘rta Chirchiq tumanlari va Nurafshon shahrida yuqori natijaga erishgan bir qator fuqarolarga Sport vazirligining 1-, 2- va 3-darajali ko‘krak nishon hamda maxsus sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdi.

***
Parkent tumanining tog‘li hududlarida suv-sel toshqini yuz berib, talafot kelib chiqishi mumkin bo‘lgan mahallalari, jumladan, Chinorbuloq hududida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, mahallaning Zarshox ko‘chasining yuqori tog‘ qiyaliklaridan sel suvlari keluvchi qismida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida betonli sel tashlama qurilishi, shuningdek, galereyali va quvurlardan iborat o‘tish yo‘llari barpo etilmoqda.
Yomg‘irli kunlar boshlangani ushbu ko‘chada sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelish xavfini oshirishi turgan gap. Shu bois, tuman hokimi Elmurod Po‘latov joylarda ta’mirlash ishlarining sifatini tekshirdi. O‘rganish yakunida suv-sel toshqini xavfi bor bo‘lgan barcha tog‘li hududlar hokim tomonidan alohida nazoratga olindi.


***
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov Bekobod shahrining Buloqariq mahallasida bo‘lib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida mahalla faollari, tibbiyot mutaxassislari va fuqarolar bilan muloqot o‘tkazdi.
Unda aholining ijtimoiy himoyasi va tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, mahallada ambulatoriya faoliyati, oilaviy shifokorlar ishining samaradorligi, aholi o‘rtasida profilaktik xizmatlarni kuchaytirish, bolalar va onalar salomatligini muhofaza qilish borasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.


Jumladan, tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan aniq vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
A.Musayev, O‘zA.