Chirchiq shahrida “Muruvvat” mahallasi yangi binosining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi, tegishli tashkilotlar mas’ullari, mahalla nuroniylari hamda faollar ishtirok etdi.
Loyihani amalga oshirish maqsadida shahar hokimligi tomonidan yetarli mablag‘lar ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan zamonaviy talablarga mos, qulayliklarga ega bino barpo etildi va to‘liq jihozlandi.
Yangi bino mahalla aholisi uchun sifatli xizmat ko‘rsatish, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilish va hal etish, shuningdek, hududni samarali boshqarish tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mas’ul xodimlar faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

***
Ohangaron shahrida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi tashabbusi bilan “Konstitutsiya – Huquqim, Soliq – Burchim” shiori ostida shahar maktablari o‘quvchilari ishtirokida keng ko‘lamli ma’rifiy aksiya o‘tkazildi.
Asosiy maqsad — yoshlar ongida soliq madaniyatini mustahkamlash, soliqlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va davlat byudjeti qanday shakllanishi haqida sodda va tushunarli tushuncha berishdan iboratdir. Tadbirni tantanali ravishda shahar hokimi, Toshkent viloyati soliq boshqarmasi, Ohangaron shahar soliq inspeksiyasi, Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi, Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ochib berdi.
Mehmonlar o‘z chiqishlarida ushbu aksiya yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini, soliq madaniyatini aynan maktab davridan boshlab shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan huquq va burchlarni kelajak avlodga sodda, aniq va tushunarli tarzda yetkazish bugungi kun talabi ekani qayd etildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar belgilangan yo‘nalishlar — rasm chizish, insho yozish, ijodiy ishlanmalar va boshqa faol mashg‘ulotlar bo‘yicha o‘z ishlariga kirishib, katta qiziqish bilan qatnashdi.


***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan yurtimizdan qo‘shni davlatga “Oybek” chegara bojxona posti orqali chiqib ketayotgan fuqaro boshqaruvidagi yengil avtoulov belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.


Ko‘rik jarayonida avtoulov salonida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, shuningdek og‘zaki so‘rov vaqtida ma’lum qilinmagan 41 610 AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta aniqlandi. Hozirda ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.