Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:40 / 2025-12-05

Ohangaron tumanida O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari uchun bunyod etilgan yangi xizmat uylari tantanali topshirildi.

Tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati, Ohangaron tuman va shahar hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Mazkur tashabbus harbiylar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ularning yurt sarhadlarini qo‘riqlash yo‘lida amalga oshirayotgan fidokorona xizmatlarini munosib rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi. 

*** 

Oqqo‘rg‘on tumanidagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzusida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi  viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva,  viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova, Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi mas’ul xodimi B.Mavlonov hamda  kasbiy ta’lim muassasalarining o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi. 

Qomusimizda xalqimizning irodasi va orzu-istaklari yorqin aks etgani, yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi uchun sharoitlar yaratib berish kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘quvchi yoshlarga kasaba uyushmalarining yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati, yoshlar birlashmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan loyihalar haqida tushuncha berildi. 

Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar hamda takliflar yuzasidan rahbarlarga murojaat qildi. 

*** 

Toshkent viloyatida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlari bosqichma-bosqich chuqur tahlil qilinib, tizimli yondashuv asosida tashkil etilmoqda. Bu borada jarayonlarning markazlashtirilgan boshqaruvini ta’minlash uchun viloyat hokimligi huzurida maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Mazkur shtab tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish maqsadida viloyat prokurori boshchiligida shtab a’zolari va mas’ul idoralar vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi tegishli farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari atroflicha o‘rganildi. 

Yig‘ilish davomida ayrim hududlarda mavjud bo‘lgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish mexanizmlari hamda ro‘yxatga olish jarayonini tezkor va aniq tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Mas’ullarga belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi. 

A.Musayev, O‘zA.