Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan “Yetakchi Camp” o‘quv-seminarida mahallalardagi eng faol 100 nafar yoshlar yetakchilari o‘zlaridagi kasbiy va shaxsiy salohiyatni oshirish, zamonaviy boshqaruv, kommunikatsiya, media va innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Besh kun davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, “HR menejment”, “soft skills”, loyihalarni boshqarish, nutq madaniyati, moliyaviy savodxonlik, startap va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlar bo‘yicha treninglarda ishtirok etdi.
Yakunda poytaxtga qaytgan ishtirokchilar bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda mahallalarda yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikrlar almashildi.

***
2026 yil chigit ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Toshkent viloyatida jami 5 ming 72 tonna urug‘lik paxta tayyorlangan bo‘lib, uning asosiy qismini mahalliy navlar tashkil etadi. Xususan, “S-8290”, “Sulton”, “S-6524”, “Namangan-77”, “Ravnaq-1”, “Ravnaq-2” kabi hudud sharoitiga mos navlar bo‘yicha jami 4 ming 546 tonna urug‘lik jamg‘arildi. Ushbu navlar istiqbolli hosildorlik, kasalliklarga nisbatan chidamlilik va qayta tiklanuvchanlik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi.
O‘z navbatida, xorijiy navlar bo‘yicha ham yetarli zaxira shakllantirildi. Ular viloyatning ayrim hududlarida intensiv texnologiyalar bilan ekiladigan maydonlar uchun mo‘ljallangan. Yaratilgan urug‘lik fondi 2026 yil ekin maydonlarini to‘liq qamrab olish, hosildorlikni barqaror oshirish va paxta yetishtirishda zamonaviy talablarga javob beradigan agrotexnik jarayonlarni ta’minlashga xizmat qiladi.


***
Ma’lumki, Prezidentimizning 2025 yil 24 iyuldagi tegishli qarori asosida tumanning Ulug‘bek hududida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bekobod” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan hududdagi Isfara mahallasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshchiligida tashqi temir yo‘l tarmog‘ini tortish ishlari boshlandi. Jarayonda Bekobod tumani faollari ishtirok etib, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik haqida fikr almashdi.


Loyiha umumiy qiymati 103 milliard so‘m, temir yo‘l uzunligi 8,8 kilometrni tashkil etadi. Bu tashabbus Bekobod tumanining sanoat salohiyatini oshirish, investitsiyalar jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda juda katta ahamiyatga ega.
A. Musayev, O‘zA.