English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
14:33 / 2025-11-27

Ma’lumki, mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liq. Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida sohadagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizda bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Bu yil Toshkent viloyatida maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 96 foizga oshirish rejalashtirilgan. Ularning 40 foizi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan o‘rinlar eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi. 

Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqarilmoqda. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Kelasi yili Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi. 

Tahliliy-tanqidiy o‘tgan tadbirda viloyat maktabgacha ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan masalalar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga kamchiliklarni bartaraf etish borasida ko‘rsatmalar berildi. Tizimda xorij tajribasini joriy etish, bolalarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

*** 

Yuqori Chirchiq tumani sog‘liqni saqlash tizimida amaliy uchrashuv va davra suhbati o‘tkazildi. Prezidentimizning 2025 yil 10 noyabrda sog‘liqni saqlash xodimlari bilan uchrashuvda berilgan topshiriqlari hamda 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar davom etmoqda. 

Shu munosabat bilan Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori S.Ismailov, tuman hokimining o‘rinbosari D.Asqarov va respublika ishchi guruhi a’zolari Sultonravot madaniyat markazida “Navbahor” va “Chumchuqjar” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi hamda mahalla yettiligi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda aholi orasidagi tibbiy masalalar, mavjud muammolar, ularning yechimi bo‘yicha so‘z yuritildi. Aniqlangan masalalarning bir qismi shu joyning o‘zida hal etildi, qolganlari esa rejali tarzda bajarilishi belgilandi. Shundan so‘ng mas’ullar Yuqori Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishdi. 

Xususan, xirurgiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yuqori texnologiyalar asosida jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ko‘rsatmalar berildi. 

*** 

Nurafshon shahridagi Cyber davlat Universitetida yoshlar va investorlar uchrashuvi tashkil etildi. Tadbirda Aloqa bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Jo‘rabek O‘raqov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov, yirik kompaniya va tashkilotlar vakillari, faol yoshlar ishtirok etdi. 

Uchrashuv davomida ko‘plab yirik loyihalar asoschilari so‘zga chiqib, biznes yuritish asoslari, rivojlanish strategiyalari hamda muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi tajribalarni yoshlar bilan baham ko‘rdi. Shuningdek, yoshlar tomonidan tadbirkorlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilindi. 

A.Musayev, O‘zA.