French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:21 / 2025-11-26

Polsha davlatining Varshava shahrida Toshkent viloyati Savdo uyi faoliyat boshladi. Bu tashabbus Toshkent viloyatida ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlarni Yevropa bozorlariga tizimli ravishda olib chiqish, polyak ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish hamda yangi sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.

So‘nggi yillarda Toshkent viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish borasida izchil va maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida tashqi aloqalarni mustahkamlash, yangi bozorlarga chiqish va xorijiy investorlarni jalb etishga qaratilgan tashabbuslar amaliy natijalar bermoqda. 

Xususan, Varshava shahridagi Savdo uyining ishga tushirilishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u kelgusida viloyat ishbilarmonlarining Yevropa Ittifoqi bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, savdo-sanoat sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.   

*** 

Chirchiq shahar “Nur” mahallasida zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi. Yangi maskan ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Sport vaziri o‘rinbosari, shahar hokimi, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu sport inshooti mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga, ommaviy sportni rivojlantirishga va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mazkur bino ilk bor 1935 yilda qurilgan bo‘lib, joriy yilda “Open byudjet” loyihasi doirasida ajratilgan 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga butunlay yangidan barpo etildi. 

Shuningdek, tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha hududda ko‘chat ekish ishlari ham amalga oshirildi. 

*** 

Toshkent viloyati hokimi tomonidan Prezident olimpiadasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan sportchilarning ota-onalariga “Tashakkurnoma”lar yuborildi. 

Ushbu ezgu tashabbus sportchilarning yuksak mehnatini e’tirof etish, ularni yanada ruhlantirishga qaratilgan ma’naviy rag‘batdir. Tashakkurnomalar sportchilarning ota-onalariga tuman-shaharlar hokimliklari mas’ullari, hududiy Sport maktablari mutasaddilar va mahalla faollari tomonidan yetkazilmoqda. 

Xususan, Bekobod tumanida tashkil etilgan uchrashuvlarda ota-onalar va yaqinlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, farzandlarining sportdagi mehnati, intilishi va irodasi alohida qadrlandi. Mazkur tadbirlar nafaqat g‘oliblarni rag‘batlantirish, balki yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

A. Musayev, O‘zA.