2025 yil 13 fevral kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ommaviy va professional sportni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yiliga ikki marotaba, uch bosqichda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Musobaqalarning mintaqa hamda viloyat bosqichida 1 690 nafar ishtirokchi saralanib ular orasida 230 nafar eng kuchli sportchi Respublika final bosqichida viloyatimiz sha’nini himoya qiladi!
Toshkent viloyati hokimligida hudud sportchilarini Respublika final bosqichiga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi Zoyir Mirzayev, viloyat Sport boshqarmasi rahbariyati, sport faxriylari, yosh sportchilar va soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘nggi 8 yilda Toshkent viloyatida sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 6 ming nafardan 48 ming nafarga yetganini hamda sport inshootlarini qurish va zamonaviy jihozlash uchun 212 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani alohida ta’kidnladi.

***
Ma’lumki, 20 noyabrdan 20 dekabrgacha “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktika oyligi o‘tkazilmoqda. Uning doirasida Toshkent viloyati bo‘ylab o‘tkazilayotgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida, fuqaro o‘z xonadonida ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini yashirib saqlab kelayotgani aniqlandi.
Qibray tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida, tumanda yashovchi 1974 yili tug‘ilgan fuqaro (D.A.) o‘zining yashash xonadonida shisha idish va polietilen qoplarga joylangan “marixuana” giyohvandlik vositalarini yashirincha saqlab kelayotgani aniqlanib, daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari davom etmoqda.


***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona postida qo‘shni mamlakatdan kirib kelayotgan fuqaro harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi. Fuqaro inson tanasini skaner qiluvchi maxsus qurilmadan o‘tkazilganda tasvirlarda shubhali konturlar aniqlangan.


Mazkur holat asosida fuqaro belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va deklaratsiya qilinmagan, fuqaro egnidagi kiyimining ichki qismiga yashirilgan 30 bosh sa’va qushi borligi fosh etildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.