Bu yil O‘zbekiston hamda Qatar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganligiga 28 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Doha shahrida O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi tomonidan katta bayram tadbiri tashkil etildi.
Yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi ham keng nishonlandi. Tadbirda Toshkent viloyatidan bir guruh madaniyat sohasi vakillari faol ishtirok etdi. Qatar davlati fuqarolari o‘zbek milliy qo‘shiqlari va raqslarni ko‘tarinki qarshi oldi. Ayniqsa, san’atkorlar tomonidan ijro etilgan maqom san’ati durdonalari va milliy liboslar ko‘rgazmasi barchada katta taassurot uyg‘otdi. Tadbirda Toshkent viloyati vakillariga Qatar davlati rasmiylari va diplomatik korpus vakillari hamrohlik qildi.

***
“Navoiy” chegara bojxona posti orqali yurtimizga piyoda kirib kelgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgani sababli shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada fuqaroning bel qismiga 22 dona “IPhone” rusumli uyali aloqa vositalari yashirilgani fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra telefonlarning umumiy qiymati 524 million so‘mni tashkil etmoqda.
Yana bir holatda, yurtimizga kirib kelgan fuqaro inson tanasini skaner qiluvchi qurilmadan o‘tkazilganda tasvirlarda shubhali holat qayd etildi. Shaxsiy ko‘rik natijasida fuqaroning paypoq ichiga yashirilgan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 10 dona konvalyutda, jami 200 dona kapsula shaklidagi dori vositalari borligi fosh etildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


***
Ma’lumki, buyuk jadidlarning adabiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi tashkil etilmoqda. Joriy yil tanlovning hududiy bosqichlari qizg‘in o‘tmoqda.
Unda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar soni 61 ming 795 nafarni tashkil etdi. Maktab, tuman (shahar) bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 44 nafar o‘quvchi bugun o‘z bilimlarini viloyat bosqichida sinovdan o‘tkazdi. Tanlov jarayonlari 2 ta guruhda – 6-7-8- hamda 9-10-sinflar bo‘lishi belgilangan.


Viloyatda eng yuqori ball to‘plagan ikki nafar ishtirokchi respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. E’tiborlisi, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha joylardagi umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich “Jadidlar izidan” klublari tashkil qilindi.
A.Musayev,O‘zA.