Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:08 / 2025-11-18

Nurafshon shahrida yoshlar va talabalar uchun “CYBERUNI PARK CUP – 2025” texnologik festival yuqori saviyada o‘tkazildi. Tadbirda 12 – 30 yosh oralig‘idagi yuzlab yosh texnologiya ixlosmandlari ishtirok etib, o‘z bilim va mahoratlarini namoyish qildi.

Festival davomida kiberxavfsizlik, robototexnika va aviatsiya yo‘nalishlarida bir qator qiziqarli musobaqalar tashkil qilindi. G‘oliblar pul mukofotlari va maxsus sertifikatlar bilan rag‘batlantirildi. Maqsad yoshlarning ilmiy-texnik ijodkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik darajasini oshirishdan iborat. 

*** 

Yangiyo‘l tumanida hozir 41 mingdan ziyod tabiiy gaz iste’molchilari mavjud. Ularga qariyb 785 kilometr gaz quvurlari orqali tabiiy gaz yetkazib beriladi. Ayni vaqtda tumanning “Sho‘ralisoy” MFYda yer ostidagi eski metall gaz tarmoqlari pilot loyiha doirasida zamonaviy polietilen quvurlarga almashtirilmoqda. 

Bugungi kunga qadar tarmoqning 500 metr qismida qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazildi. Polietilen quvurlar korroziyaga uchramaydi, yuqori mustahkamlikka ega va xizmat muddati metall quvurlarga nisbatan ancha uzoq. Mazkur loyiha natijasida tarmoqqa xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xarajatlari keskin kamayadi. Metall gaz quvurlari uchun xizmat qilgan elektrokimyoviy himoya stansiyalari uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlari bartaraf etiladi. Pilot loyiha amaliy natija bersa, Yangiyo‘l tumani tajribasi boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan. 

*** 

Toshkent viloyatida jinoyatchilikning oldini olish va jamoat tartibini saqlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Sog‘lom avlod – xavfsiz jamiyat” profilaktik tadbir o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra, ayrim joylarda o‘ndan ortiq haydovchilarning transport vositasida o‘tkir tig‘li predmetlar saqlab kelayotgani aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Mutaxassislar ularga zarur tushuntirishlar bermoqda. 

A.Musayev, O‘zA.