Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:26 / 2025-11-17

Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ish yurituvdagi fuqarolar foydasiga hamda davlat va byudjet tashkilotlaridan qarzdorliklarni undirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida hududiy bo‘limlar ish yurituviga mazkur toifadagi jami 772,8 milliard so‘mli 40 mingdan ortiq ijro hujjatlari kelib tushgan va ijro ishlari yuritilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida 34 ming dan ortiq ijro hujjati tamomlanib, 660,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. 

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan uy-joylari, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa inshootlar uchun kompensatsiya undiruvi bilan bog‘liq 219 ta ijro ishi bo‘yicha jami 120 milliard so‘m mablag‘lar undirilgan. Bundan tashqari, 12 ming 724 nafar fuqarolar foydasiga 226,3 milliard so‘m, jumladan, ish haqlari hamda yetkazilgan zarar mablag‘lari undirilishi ta’minlangan. 

*** 

Toshkent viloyat markazidan poytaxt Toshkent shahriga jamoat transporti xizmatini yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy darajaga ko‘tarish maqsadida yangi avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi. 

Nurafshon shahar hokimligi hamda Toshkent shahri Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda yangi yo‘nalishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Nurafshon – Toshkent yo‘nalishida jamoat transporti qatnovi sezilarli darajada yaxshilanib, yo‘lovchilar uchun tez, ishonchli xizmat joriy etiladi. 

*** 

Qibray tumanida sportning shashka hamda “Quvnoq startlar” turlari bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi”ning Toshkent viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda viloyatdagi umumta’lim maktablarining eng iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etib, o‘z mahorat va chaqqonliklarini namoyish etdi. 

“Quvnoq startlar” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin Angren shahridagi 3-maktab o‘quvchilariga nasib qildi. Shashka yo‘nalishi bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Oxangaron tumani, qiz bolalar orasida esa Angren shahri vakillari g‘olib bo‘ldi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar Toshkent viloyati sport boshqarmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

A.Musayev, O‘zA.