Prezidentimizning 2025 yil 15 maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan “Raqamli avlod qizlari” tanlovining tuman-shahar bosqichiga start berildi.
Unda 16-20 va 21-30 yoshli qizlar ishtirok etmoqda. Toshkent viloyati bo‘yicha 7 ming 125 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular tomonidan ta’lim, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq, yashil iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda loyiha ishlari taqdimot qilinmoqda. Maqsad yosh avlod, xususan, qizlarning raqamli texnologiyalar sohasiga qiziqishini oshirish, ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga o‘rgatish, IT yo‘nalishida faol bo‘lishlariga rag‘batlantirishdir.

***
Butunjahon jang san’atlari ittifoqi (WoMAU) delegatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, shuningdek, yakkakurash sport turlarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusi yilda Jang san’atlari bo‘yicha 2026 yilgi Osiyo chempionatini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mehmonlar universitetning zamonaviy sport inshootlari, o‘quv-laboratoriya majmualari hamda moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. Yakkakurash sport turlari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan tayyorlangan “Jang san’atlari” festivali namoyish etildi.


***
Oqqo‘rg‘on tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi To‘ra Bobolov, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati N.Botirov, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, yoshlar, faxriy o‘qituvchilar ishtirok etdi.


Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi so‘nggi yillarda mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish, yosh avlodni munosib sharoitlarda o‘qitish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi va maktab jamoasi, o‘quvchilar, ota-onalarni muborakbod etdi.
A.Musayev, O‘zA.