“Yallama” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yurtimizdan chiqib ketayotgan fuqaro belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Fuqaroning qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilganda, uning ichida umumiy og‘irligi 111 gramm bo‘lgan ikki dona oltin quymasi chaqaloqlar tagligiga yashirilgani aniqlandi.
Ushbu buyumlarning dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, umumiy qiymati 133 million so‘mni tashkil qildi. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


***
Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan stol tennisi markazida sportning stol tennisi turi bo‘yicha U-19 yoshlar hamda U-11 kichik o‘smirlar o‘rtasida Toshkent viloyati kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, stol tennisi sport turini ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni aniqlashdan iboratdir.
Chempionatda hududlardan jamoalar ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar viloyat sport boshqarmasi tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Yangiyo‘l tumanidagi harbiy qismda “Chaqiriluvchilar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Toshkent viloyati bo‘linmasi vakillari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, shuningdek, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda “Vatan tayanchi” otryad a’zolari hamda o‘quvchi yoshlarga Qurolli Kuchlar tuzilmasi, harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, zamonaviy texnik jihozlar, ilg‘or qurollar va harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Yoshlar harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlarini kuzatib, ularning hayot tarzi bilan yaqindan tanishdi. O‘zaro muloqotlarda real taassurotlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, madaniy-ma’rifiy chiqishlar, harbiy orkestr ijrosidagi Vatanni madh etuvchi jo‘shqin kuy-navolar, Toshkent tumani 9 sonli “Jasorat” maktabi o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi chiqishlari ishtirokchilarning qalbiga milliy g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini chuqur singdirdi.
A.Musayev, O‘zA.