Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:34 / 2025-11-03

Yangiyo‘l tumanida limonchilik sohasida erishilgan yutuqlar, yangi texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan issiqxonalar faoliyati hamda mahalliy dehqonlarning fidokorona mehnatini keng ommaga namoyish etish maqsadida “Limon sayli” o‘tkazildi.

Toshkent viloyati hokimligi hamda “Turonbank” ATB hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hududlardagi limon yetishtiruvchilar, soha mutaxassislari, tadbirkorlar va bank vakillari ishtirok etdi. So‘nggi yillarda limonchilik yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar tufayli viloyat bo‘yicha yuzlab yangi issiqxonalar tashkil etildi. Ayniqsa, xonadonlarda limon yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning ortib borayotgani yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida bank vakillari tomonidan limonchilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan imtiyozli kreditlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar namunali limonzorlarni ko‘zdan kechirib, limon yetishtirishda qo‘llanilayotgan innovatsion usullar, parvarish va hosildorlikni oshirish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. 

*** 

“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab “Tabiatni asrash – insonni, Vatanni asrash demakdir” mavzusida ko‘chma foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Maqsad yoshlarimizning ekologik ilmi, bilimi, tushunchasi va madaniyatini yanada yuksaltirish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlashdir. 

Chirchiq davlat pedagogika universitetida O‘zbekistonimizning go‘zal tabiati, tabiiy boyliklari, bioxilma-xilligi, ekologik muammolari aks etgan foto va tasviriy san’at asarlari namoyish etildi. Tadbirda talabalar, ijodkor yoshlar o‘z asarlari bilan faol qatnashdi. 

Tadbirda universitet rektori G‘afurjon Muhamedov, “Tasviriy oyina” IU raisi Isfandiyor Latipov, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari Bosh muharriri, taniqli shoir O‘tkir Rahmat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xadjayeva, viloyat hokimi o‘rinbosari Nilufar Normirzayeva ishtirok etib, ushbu ko‘rgazmaning ahamiyati va bunday tadbirlarning yoshlar kamolotida tutgan o‘rni xususida fikr yuritdi. 

*** 

Parkent tumani hokimligida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Muhokamada soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda yosh innovatorlar qatnashdi. 

Taqdimotda sohada sun’iy intellektni qo‘llash orqali hosildorlikni oldindan tahlil qilish, yer unumdorligini aniqlash, suv resurslaridan samarali foydalanish va zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishning raqamli monitor tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyihalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Parkent tumanida “Aqlli qishloq xo‘jaligi” tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Bunda “Aqlli nazorat – barqaror hosil kaliti” tamoyili asosida tajriba maydonlarini yaratish hamda uzumchilik yo‘nalishida eksportbop mahsulot yetishtirish hajmini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, taqdimot ishtirokchilari bildirgan taklif va tashabbuslarni samarali holda sohaga tatbiq etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilashga kelishib olindi. 

A.Musayev, O‘zA.