Chirchiq shahrida “21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda viloyat va shahar hokimligi mutasaddilari, taniqli ijodkorlar, shoir va yozuvchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar, huquq-tartibot organlari xodimlari hamda jamoatchilik faollari qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari shahar markazida joylashgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, uning o‘zbek adabiyoti va tiliga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng, tadbirning asosiy qismi Kimyogarlar madaniyat saroyida davom etdi. Unda so‘zga chiqqanlar adabiyot namoyandalari, tilshunos olimlar, jamoatchilik vakillari ona tilimizning boy tarixiy ildizlari, uning zamonaviy taraqqiyotdagi o‘rni va yosh avlodga ona tiliga hurmat ruhini singdirish zarurati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

***
Toshkent viloyatida “Jasorat maktabi”ning 2025 yil uchun 4 mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan 22 ta tuman-shahardan kelgan 100 nafar yoshlar Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Yoshlar huquqlari davlat himoyasida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Kunning ikkinchi qismida yig‘in ishtirokchilari Angren shahrida joylashgan harbiy qismga jam bo‘ldi. Ular dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va harbiy liboslar berildi. Kun tartibi bilan tanishtirilib mutaxassisliklar bo‘yicha guruhlarga ajratildi.
O‘n kunlik yig‘in davomida yoshlarga motivatsion treninglar, kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha kasbga yo‘naltiriladi.

***
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Yo‘lovchi-deklaratsiyasi” nomli yangi mobil ilova ishga tushirildi.
Endi fuqarolar bojxona deklaratsiyasini onlayn va oson tarzda to‘ldirishi mumkin. Ilovada kerakli bandlarni tanlab, bir necha daqiqada jarayonni yakunlash kifoya.
Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” va “Farhod” chegara postlarida fuqarolarga ushbu yangi qulaylik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Post hududida mobil ilovani QR kod orqali yuklab olish va bepul Wi-Fidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
A.Musayev, O‘zA.