Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:04 / 2025-10-04

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev joylardan qabulga yozilgan fuqarolar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.

Unda tuman va shaharlardan 30 nafarga yaqin fuqarolarning masalasi mutasaddilar ishtirokida tinglandi. Qabulda aholi sog‘liqni saqlash, moddiy ko‘mak, uy-joy va maishiy turmush, kommunal xo‘jalik, bandlik yo‘nalishidagi muammolar o‘rganildi. 

Muloqotda tibbiy xizmat, kredit, bandlik, kadastr xizmati, maishiy turmush masalalariga doir o‘ndan ortiq murojaatga  tezkor yechim topildi. Ayrim masalalarni joyiga chiqib o‘rganish yuzasidan mas’ullar va deputatlar ishtirokida tezkor komissiyalar tuziladigan bo‘ldi.  Yana bir guruh fuqarolarga viloyat adliya, ijtimoiy himoya tuzilmalari mutasaddilari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

***

Toshkent viloyatida “Jasorat maktabi”ning joriy yil uchun 3-mavsumiga start berildi.

Shu munosabat bilan viloyatning 22 ta tuman va shaharlaridan kelgan 100 nafar yoshlar Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida yig‘ildi. Unda hamkor tashkilotlar ishtirokida “Yoshlar huquqlari davlat himoyasida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi va mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, ularni ijtimoiy qo‘llab quvvatlashga qaratilgan chora tadbirlar haqida fikr bildirildi. 

Shundan so‘ng Angren shahrida joylashgan harbiy qismda yoshlarga harbiy liboslar berildi, kun tartibi bilan tanishtirilib mutaxassisliklar bo‘yicha guruhlarga ajratildi. Ushbu o‘n kunlik yig‘in davomida yoshlarga  motivatsion treninglar, kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan kasbga yo‘naltiriladi. Shuningdek, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun turli sport musobaqalari, davra suhbatlari, intellektual o‘yinlar, uchrashuvlar ham tashkil etiladi.

***

Yuqori Chirchiq tumanidagi stol tennisi markazida U-13 o‘smir o‘g‘il bolalar va o‘smir qizlar o‘rtasida Toshkent viloyati kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqa yosh sportchilarning mahoratini oshirish, ularni stol tennisiga yanada keng jalb qilish, viloyat terma jamoalari uchun iqtidorli sportchilarni tanlab olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratildi.

Bellashuvlarda ishtirokchilar o‘zlarining mahorati, chaqqonligi va musobaqalarga puxta tayyorgarligini namoyish etdi. Qiziqarli va keskin o‘tgan bahslar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi hamda diplom va medallar bilan taqdirlandi.

A.Musayev, O‘zA