Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:44 / 2025-10-02

Bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, ularga xavfsiz va sifatli mahsulotlar yetkazib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shu maqsadda Zangiota tumani bo‘yicha muntazam savdo nuqtalarida monitoring ishlari olib borilyapti.

Jarayonda mutasaddilar do‘konlarda sotilayotgan mahsulotlarning sifati, saqlanish muddati, yorliqlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishi sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. Bu orqali muddati o‘tgan yoki iste’mol uchun yaroqsiz mahsulotlarning aholiga yetib borishining oldi olinadi. 

*** 

Ma’lumki, Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 11 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bozorda yashirin iqtisodiyot ulushi 35 foizni tashkil etayotgani ta’kidlangan edi. Shu munosabat bilan bojxona organlari tomonidan mazkur sohada nazorat ishlari kuchaytirilmoqda. 

Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona postida ko‘rikdan o‘tkazilgan avtotransport vositasi yuklari orasidan hujjatlarda aks etmagan, qiymati 1,5 milliard so‘mdan ziyod tovarlar aniqlandi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

*** 

Zangiota tumanidagi “Sog‘bon” nasos stansiyasida Prezidentning 2024 yil 14 iyundagi qarori ijrosiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda energiya resurslaridan samarali foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirish va nasos stansiyalarida energiya tejamkor uskunalarni keng qo‘llash masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, suv xo‘jaligi tizimini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish yo‘nalishida taklif va tavsiyalar berildi. Nasos stansiyalarida mehnat va yong‘in xavfsizligi masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi. 

Yakunda mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi. 

A.Musayev, O‘zA.