Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:06 / 2025-09-23

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashining tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yinining “Ittifoq raisi kubogi” viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tashabbus hududdagi harbiy qism va muassasalardagi harbiy xizmatchilar, yosh xodimlar va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil qilindi. 

Yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Jamoat xavfsizligi universitetining “Favorit” jamoasi egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

*** 

Toshkent viloyati Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida qilichbozlik sport turi bo‘yicha U-23 yoshlar o‘rtasida Toshkent viloyati Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning turli hududlaridan yosh qilichbozlar o‘z mahoratini namoyish etdi. 

G‘olib va sovrindor sportchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Mazkur musobaqaning asosiy maqsadi joriy yilning 25 – 30 sentyabr kunlari Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi musobaqasiga Toshkent viloyati terma jamoasi tarkibini shakllantirish va sportchilarning tayyorgarlik darajasini baholashdan iboratdir. 

*** 

Toshkent tumanida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar taqdimotiga bag‘ishlangan dala-o‘quv seminar tashkil etildi. Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, Chirchiq-Ohangaron ITHB mas’ullari, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM hamda fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. Dastlab, suvdan oqilona foydalanish, ichki ariqlarni betonlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, “KAVSAR” korxonasi ishlab chiqargan ko‘chma quyosh panelli suv yetkazib berish tizimi namoyish etildi. Seminar yakunida dala maydonlarida mazkur tizimni joriy etish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Shundan so‘ng mazkur hududdagi “Chala qozoq” kanalida ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilib, kanalning asosiy qismi beton qilindi. 

A.Musayev, O‘zA.