Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik yubileyiga bag‘ishlab “Oltin kuz” Xalqaro agro-tasviriy va amaliy san’at festivali davom etmoqda. Festival doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosi, akademik Ashur Muhammad hamda universitetimizning iqtidorli talabalari Parkent tumaniga borib, tabiat manzaralarini rang-tasvirda aks ettirdi. Mazkur san’at festivali yosh ijodkorlar uchun o‘z iste’dodini namoyon etish, tajribali rassomlardan saboq olish hamda milliy va xalqaro ijodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

***


Toshkent viloyati hududlarini obodonlashtirish, toza va sog‘lom muhitni shakllantirish, shuningdek, chiqindilarni o‘z vaqtida tashib ketilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tizimli ishlar amalga oshirilayapti. Jumladan, joriy yilning uchinchi choragida “Toza hudud” davlat unitar korxonasiga Agentlik tomonidan jami 15 ta chiqindi tashuvchi maxsus texnika ajratilib, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim qadam qo‘yildi. Mazkur texnikalardan 10 tasi Zangiota va Bekobod tumanlaridagi “Toza hudud” DUK bo‘limlari ixtiyoriga topshirildi. Bu bilan Zangiota tumanida avval sanitariya xizmati bilan qamrab olinmagan 24 ta, Bekobod tumanidagi 20 ta mahallada toza muhitni ta’minlash bo‘yicha muntazam chiqindi tashish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, mazkur tumanlarda chiqindi tashish xizmati qamrovi 100 foizga yetkazilib, aholiga sifatli va uzluksiz sanitariya xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
***


Toshkent viloyati prokurori A.Mirzayev rahbarligida viloyatda kuz-qish mavsumiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari, energetika va ijtimoiy soha ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini mavsumda barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyatdagi 63 ta ijtimoiy soha ob’ektlari, 295 ta ko‘p qavatli uy-joy, 180 kilometr ichimlik suvi, 22,3 kilometr issiqlik ta’minoti, 2616,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 28,4 kilometr gaz quvurlari, 190 ta ichimlik suvi nasoslari, 21 ta qozonlar, 777 ta transformator va 7127 ta gaz taqsimlash punktlarini mukammal va joriy ta’mirlash ishlari, 26,8 ming tonna ko‘mir mahsulotlarini aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish hamda kuz-qish davriga tayyorlashda ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Shu bilan birga, iqtisodiyot tarmoqlari, energetika va ijtimoiy soha ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davriga tayyorlash bo‘yicha mutasaddilarga sustkashlikka yo‘l qo‘ymasligi va belgilangan vazifalarni muddatida bajarilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev, O‘zA.