Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Bekobod avto” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda bojxona postiga kirib kelgan, fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Yengil avtoulovni bojxona ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida, orqa o‘rindiq buyumlar idishi ichida, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 11 dona 10 millimetrli travmatik to‘pponcha patronlari aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

***
Toshkent viloyati IIBBda bo‘lib o‘tgan ma’rifiy tadbirda bir guruh xodimlarga uy-joy xarid qilish uchun dastlabki badal puli to‘lovini tasdiqlovchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Bu orqali ichki ishlar organlari xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshila maqsad qilingan.
Yaqin kunlarda yana 30 nafarga yaqin xodimlarga ham sertifikatlar topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ma’rifat soatida xodimlar faoliyati bilan qonunchilik talablariga rioya qilish va xizmat intizomi masalalari bo‘yicha suhbat ham o‘tkazildi.

***
Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan soliq qarzdorligini undirish haqidagi sud va soliq organlari qarorlarining ijrosi ta’minlanmoqda. Joriy yilda hududiy bo‘limlar ish yurituvidagi soliq qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq 4,8 trillion so‘mlik 96 ming 403 ta ijro hujjatlaridan 52 ming 343 tasining ijrosi ta’minlanib, amalda 1,9 trillion so‘m undirilgan.

Qoldiqdagi ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash maqsadida 25,1 milliard so‘mlik 1 ming 402 ta ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdor jismoniy shaxslarning daromadiga qaratilgan. Shuningdek, qarzdorlarga tegishli 273,4 milliard so‘mlik 502 ta mol-mulklar xatlanib, 203,4 milliard so‘mlik 326 ta mol-mulk auksion savdolarga chiqarilgan.
A.Musayev, O‘zA.