Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida xodimlar o‘rtasida “Diniy ekstremizm, fundamentalizm va radikalizm, giyohvandlikka qarshi kurashish hamda kiberhujumlardan himoyalanish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma xodimlari hamda IIB boshqarmasining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali Konstitutsiya va qonunlarimizga zid g‘oyalar ilgari surilayotgani, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifat emas, jaholat yo‘liga boshlashga urinishlar kuzatilayotgani qayd etildi.

Bunday holatlarga qarshi jamiyatda ma’rifat orqali kurashishni kuchaytirish, xodimlarning ogohlik va hushyorligini oshirish zarurligi, shuningdek, har bir bojxona xodimi xizmat faoliyatida xulq-atvori, muomala madaniyati va intizomi bilan o‘rnak bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida mavzu yuzasidan videoroliklar namoyish etildi.
***
Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mas’ullari Bekobod shahridagi Buloqariq mahallasida tibbiy xizmat ko‘rsatish holati, aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar bilan yaqindan tanishdi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida mahalla faollari va tibbiyot xodimlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqotda asosiy e’tibor mahalladagi sog‘liqni saqlash tizimi holati, aholiga ko‘rsatilayotgan birinchi bosqich tibbiy yordam sifatini oshirish, oilaviy shifokorlar faoliyati masalalariga qaratildi.

Yakunda boshqarma boshlig‘i To‘raqul Arziqulov mahallada tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan mas’ul mutasaddilarga aniq topshiriq va tavsiyalar berdi.
***
Toshkent viloyatida otaliqqa olingan yoshlar bilan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Nurafshon shahrida “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Davron Maqsudov, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Xojiyev va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi Muhriddin Hamzayev ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.


Unda yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Shuningdek, otaliqqa olingan yoshlarga kasb-hunar yo‘llanmalari va zarur ish qurollari topshirilib, ularning mustaqil daromadga ega bo‘lishlari uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
A.Musayev, O‘zA.