Ohangaron tumanida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov hamda “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sodiqjon Turdiyev ishtirok etib, ohangaronliklarni mazkur muhtasham maskanning ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
Tadbirda “Nuroniylar maskani” milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, yosh avlodni yurtga sadoqat va ma’rifat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Mustaqilligimizning 34 yilligi shukuhi kezib yurgan ushbu kunlarda, mazkur maskanni “Buloq” ziyoratgohi tarkibidagi xotira monumenti yaqinida barpo etilgani ham bejiz emas.

Xotira monumenti mustaqillik yo‘lidagi fidokorlik va erkinlik ramzi bo‘lsa, nuroniylar ana shu yo‘lni yorituvchi yo‘lboshchilar sifatida e’tirof etildi. Maskanda shinam kutubxona, sport anjomlari jamlangan zal, tibbiy xona va bahavo bog‘ mavjud bo‘lib, tuman aholisiga milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish va ma’naviy taraqqiyotni ta’minlashda muhim markaz bo‘lib xizmat qiladi.
***
Toshkent viloyati Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Sho‘ralisoy” nasos stansiyasida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda tumandagi nasos stansiyalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar ishtirok etdi.

Asosiy e’tibor energiya resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish, kuzgi-qishki mavsum yumushlarini sifatli bajarish, nasos stansiyalari atrofini obodonlashtirish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish masalalariga qaratildi.

Shu bilan birga, seminar ishtirokchilari nasos stansiyasining ish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mas’ullar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berib, amaliyotda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tavsiyalarni ham taqdim etdi.
***
Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Abdulaziz Alimatov boshchiligida viloyat hududlarida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va mavsumni betalafot o‘tkazish borasida aholi yashash xonadonlari, maktablar, tibbiyot maskanlari, talabalar turar joylari va boshqa ijtimoiy ob’ektlarda profilaktik tadbirlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Ushbu tadbirlar davomida ob’ektlarda texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilinganlik holati ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga yong‘in va turli favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomalar tarqatildi.
A.Musayev, O‘zA.