Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining imkoniyatlari va afzalliklarini tushuntirish maqsadida hududlarda sayyor uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Toshkent tumanida joylashgan “Mubina kelajak omad” korxonasi mas’ullari bilan uchrashuvda mazkur rejimning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Korxona 2025 yilda umumiy qiymati 300 ming AQSH dollariga teng qadoqlangan pista mahsulotlarini Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilgan. Joriy yil davomida 1,3 milliard so‘mlik investitsiyalar ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, korxona xalqaro miqyosda faoliyat yuritayotgan yetakchi ishlab chiqarish kompaniyalari qatoridan o‘rin egallab, maxsus brend ostida ulgurji va chakana savdo tarmoqlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.

***
Toshkent viloyati prokurori A.Mirzayev boshchiligida iqtidorli sportchi va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning joriy yil 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosiga e’tibor qaratildi.
Viloyatda sport sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, jumladan, 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida viloyat sportchilarining munosib ishtirokini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga bir qator vazifalar belgilandi.


***
Nurafshon shahrida Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligiga bag‘ishlangan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turli tarmoq kasaba uyushma a’zolari, nuroniylar, madaniyat xodimlari, taniqli aktyorlar hamda estrada yulduzlari ishtirok etdi.


Tadbirning ochilishida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari A.Nosirov, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari R.Sheraliyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda va xususan Toshkent viloyatida amalga oshirayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, istiqlolimiz chin ma’nodagi oliy ne’mat ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda mustaqilligimizga va kasaba uyushmalariga oid videoroliklar namoyish etildi. San’atkorlar ijrosida diltortar qo‘shiq va musiqalar barchani xursand etdi.
A.Musayev, O‘zA.