Yuqori Chirchiq tumanidagi Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan bahslarda sportchilar yengil atletika sport turining bosqon, disk, yadro, nayza uloqtirish, balandlikka sakrash, 110 metrga g‘ovlar osha yugurish hamda ikki ming metrga to‘siqlar osha yugurish turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 100 ga yaqin sportchilar ishtirok etdi.

***
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati Yuqori Chirchiq tumanida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashdi. Tadbirda Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Muloqot davomida QQS to‘lovidan hosil bo‘lgan ortiqcha summani qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchun soliqlarni hisoblashda kamaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash, yer toifasini o‘zgartirish, yer solig‘i hisobotlarini tuzatishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish kabi masalalarda tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi.
Ochiq muloqotda viloyat soliq boshqarmasining birinchi o‘rinbosari, tegishli bo‘lim boshliqlari hamda masalalarga aloqador mas’ul tashkilotlar xodimlari ishtirokida har bir murojaat qonuniy tahlil etilib, ularning yechimi bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.
Shuningdek, eng namunali, barqarorlik reytingi yuqori va faol tadbirkorlar “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng intizomli soliq to‘lovchi”, “Eng yosh tadbirkor” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.


***
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshqarmasi hududiy bo‘limlari hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda “Toza havo” oyligi tadbirlari tashkil etilmoqda. Unda aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.


Xususan, mas’ullar Bo‘stonliq va Piskent tumanlarida nazorat ishlarini olib bordi. Unda maxsus ko‘chma ekologik postlar tashkil etilib, barcha turdagi avtotransport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan chiquvchi is gazi va tutun miqdorlarini o‘lchash ishlari amalga oshirildi. Haydovchilarga tegishli tavsiyalar berildi.
A.Musayev,O‘zA.