Prezidentimizning tegishli farmoni va farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari va “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi. Ular orasida Toshkent viloyatining yetakchi tadbirkorlari ham bor.
Nurafshon shahrida mazkur yuksak davlat mukofoti va ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali topshirildi. Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va barchaga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Tadbirda bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, bu yo‘nalishda yaratilgan shart-sharoitlar hamda viloyatda erishilayotgan yutuqlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

***
“Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi “Bo‘ka gaz to‘ldirish shoxobchasi”da tegishli tashkilotlar bilan birga favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda ko‘riladigan chora-tadbirlar bo‘yicha maxsus taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Dastlab favqulodda holatlarda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan ko‘nikma va tavsiyalar berildi. So‘ngra maishiy gaz ballonlariga gaz quyish jarayonida zaharlanish holati yuz berganda ishchi-xodimlarning harakatlari ko‘rikdan o‘tkazildi. Mashg‘ulot yakunida ishchilarga yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan boshqa tavsiyalar berildi.


***
Bosh prokuror o‘rinbosari D.Kasimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyatidagi sanoat zonalarida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning o‘zlashtirilishi va loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi ahvoli joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.
O‘rganishlarda, loyiha tashabbuskorlarining faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va tezkorlik bilan bartaraf etish hamda yangi istiqbolli loyihalarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida tashkil etilgan “Farovon” kichik sanoat zonasi hududida joylashgan “Bio cosmetics”, “Balzam”, “AFX Cluster” kabi korxonalarda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Ushbu sanoat zonasidagi korxonalarning kelgusi faoliyatidagi istiqbolli loyihalari, ularning kommunikatsiya va logistika bilan bog‘liq takliflari tinglandi hamda ijrosi bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA.