Havo floti kuni munosabati bilan Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv poligoni hududidagi markaziy maydonda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ezgu g‘oyasi ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda kasb bayramini nishonlayotgan harbiy xizmatchilar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi vakillari, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, viloyatdagi aviatsiya ixlosmandlari jam bo‘ldi. Dastlab harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa davraga fayz baxsh etdi.

Shu bilan birga, harbiylik kasbiga qiziqishi baland yoshlar uchun harbiy texnikalar, Toshkent viloyati “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aviamodel, kemamodel hamda o‘quv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi. Shundan so‘ng aviaparvozlarda jangovar va harbiy-transport samolyotlari hamda vertolyot uchuvchilari o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
***
Toshkent viloyati IIBB hamda DXX hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida giyohvandlik moddalarini poytaxtga olib ketayotgan va xonadonda saqlagan shaxslar qo‘lga olindi.

Xususan, Ohangaron tumani Chinor YPX maskanida “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, 1985 yili tug‘ilgan shaxs (Sh.B.) boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatib tekshirildi. Jarayonda mashina salonidan 3 ta o‘ramda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan “gashish” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi.

Shuningdek, Nurafshon shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “Obod turmush” mahallasida yashovchi fuqaro giyohvandlik vositalarini yashash xonadonidagi avtomobilning eski shinalari orasiga yashirib qo‘ygani aniqlandi.
Holatlar yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning kurash, og‘ir atletika hamda taekwondo WT turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Bellashuvlarda har bir sport turlaridan mazkur musobaqaning mintaqa bosqichidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar o‘z kuch va mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Quvonarlisi 300 nafardan ziyod viloyat yoshlari ushbu bosqichga yetib kelgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich aynan yuqoridagi sport turlari hududda jadallik bilan rivojlanayotganidan darak beradi.

Musobaqa g‘oliblari bu yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining Respublika bosqichida qatnashadi.
A.Musayev,O‘zA.