Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudratchi tashkilot vakillari ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Bayramda viloyat hokimi quruvchilarning o‘tgan yillardagi yutuqlariga alohida to‘xtaldi.
Xususan, so‘nggi 3 yilda hududda 1 ming 620 kilometr yo‘l, 564 kilometr ichimlik suvi, 102 ta suv inshooti, 1 ming 700 kilometr elektr tarmog‘i, 343 ta transformator o‘rnatildi. Joylardagi 264 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilandi. 2024-2025-yillar davomida 10 ming 519 ta xonadonli 206 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilganligi alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, 42 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 42 ta umumta’lim maktabi, 16 ta sog‘liqni saqlash, 5 ta sport, 47 ta boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari yangidan qurildi.

Tadbirda qurilish sohasi rivojiga, viloyatning yangi qiyofasini barpo etishga qo‘shgan salmoqli hissasi, samarali va fidokorona mehnatlari hamda Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillariga viloyat hokimining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Toshkent viloyati hokimligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamkorligida “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari Bo‘stonliq tumanidagi yozgi dam olish oromgohlariga yuborildi. 500 nafardan ortiq bola hordiq chiqarayotgan ushbu oromgohlarda ular uchun rang-barang dasturlar tashkil etilgan.
Yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazish maqsadida san’at, madaniyat va adabiyotga oid mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda. – Oromgohda yangi do‘stlar orttirdim, tog‘ning so‘lim havosi menga juda yoqdi. Bu yerda nafaqat hordiq chiqaryapman, balki bilimlarimni ham mustahkamlayapman, – deydi Diyora Anorboyeva.


***
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun”lik loyihasi doirasida “Turon” maktab teatri Respublika musobaqasining hududiy bosqichi tashkil etildi. Mazkur tanlovning 28-31-iyul kunlari ta’lim muassasalarida saralash bosqichlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda qatnashgan 851 ta jamoalarda 6 ming 808 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.


Viloyat bosqichi oldidan yana bir bor jamoalarni saralash maqsadida mintaqa bosqichi o‘tkazilib, unda 22 ta jamoalarda 176 nafar o‘quvchi-yoshlar bellashdi. Qizg‘in kechgan so‘nggi bosqichda Nurafshon shahridagi 48-sonli, Zangiota tumanidagi 14-sonli, Chirchiq shahardagi 2-sonli va Piskent tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi jamoalari g‘alaba qozonib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
A.Musayev, O‘zA.