“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik oyligi doirasida IIBB hamda DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ko‘p miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi.
Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyatida yashovchi, 18-21 yoshdagi ikki shaxs (M.V., R.T.) o‘zlariga tegishli Nexia avtomashina saloniga 416 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi hamda 10 gr (gashish) giyohvandlik moddasini olib ketayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi. Ushbu shaxslar qora bozorda taxminiy qiymati 50 million so‘mga teng bo‘lgan mazkur moddani o‘tkazish maqsadida saqlab kelganliklari aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 (1)-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari bilan noqonuniy muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
***
Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 2025–2026-o‘quv yili uchun 7-sinf o‘quvchilarini qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari o‘tkazildi.

Ishtirokchilarning og‘ir atletikaga oid texnikasi, kuch va muvozanat ko‘nikmalari amaliy mashqlar asosida baholanib, ularning natijalari balli, tezligi, kuch-quvvati, texnikasi va chidamliligiga alohida e’tibor qaratildi. Baholash jarayonida shaffoflik, adolat va aniqlik tamoyillariga qat’iy amal qilindi.

Qabuldan o‘tgan o‘quvchilar og‘ir atletika yo‘nalishida chuqurlashtirilgan bilim va amaliy tayyorgarlik oladi. Ularning sportdagi yutuqlari kelajakda O‘zbekiston nomidan Osiyo va jahon arenalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishga asos bo‘ladi.
***
Davlatimiz rahbarining tashabbusi doirasida “Turon” maktab teatri tanlovi ikki yildan buyon respublika miqyosida keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Toshkent viloyatida ham bu tanlovga qiziqish katta. Unga ko‘ra, “Dolzarb 90 kun”lik doirasida 1-14-avgust kunlari viloyat umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tanlovining tuman (shahar) hamda viloyat bosqichlari tashkil etiladi.


Tuman shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar mintaqa bosqichida ishtirok etadi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan tanlovda Piskent tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
A.Musayev, O‘zA.