Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:02 / 2025-08-04

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish, bojxona sohasida qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Navbatdagi uchrashuv Angren shahridagi bug‘doyni qayta ishlashga ixtisoslashgan “MILL EXPO” korxonasida tashkil etildi. Asosiy e’tibor Prezidentimizning 2025 yil 25 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona sohasini zamon talablari asosida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga qaratildi. Mazkur korxona oyiga 10 ming tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, yiliga 4 million dollar qiymatidagi un mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv davomida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirish va amaliy masalalar yuzasidan tegishli maslahat va ko‘maklar ko‘rsatildi.

***

Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor‑profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi o‘tmoqda. 

O‘tgan 17 kun davomida viloyat IIBB va uning quyi bo‘g‘inlari tomonidan ko‘cha va jamoat joylari, boshqa hududlarda o‘tkir tig‘li ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurgan 1 ming 273 nafar shaxs aniqlandi. Ulardan shu miqdordagi ashyo o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. Ushbu ashyolardan 1 ming 116 tasi pichoq, 17 tasi kastet, 6 tasi bita bo‘lsa, qolgan 134 tasi boshqa ko‘rinishdagi tig‘li jismlarni tashkil qilgan. Bu bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qator huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olindi. 

***

Toshkent tumanida qishloq xo‘jaligida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tumandagi mahalla ichki ko‘chalarida mevali daraxtlar ekish loyihasi “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Aynan shu maqsadda hududdagi fermer xo‘jaliklari maydonlarida mevali ko‘chatlar ekish ishlari to‘liq nazorat ostida olib borilmoqda. Suv yetib bormaydigan hududlarda esa zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilmoqda. Bu ishlar O‘simliklar karantini va himoyasi Toshkent tumani bo‘limi inspektorlari ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha ekologik barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va eksportbop mahsulot yetishtirishni ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi. Shu orqali Toshkent tumanining ham iqtisodiy, ham ekologik rivojiga hissa qo‘shiladi.

A.Musayev, O‘zA.