Toshkent viloyatida tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Xususan, Yuqori Chirchiq tumanidagi mahalla yettiligi a’zolari bilan uchrashuvda Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama qilindi.
Muloqot davomida qarorda belgilangan vazifalar, xususan mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish, profilaktika ishlarini samarali tashkil etish, yoshlar va ayollar bilan ishlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi. Mavjud muammolar o‘rganilib, aholiga qulaylik yaratish borasida fikr almashildi.

***
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Yangiyo‘l tumanida 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatilib, hujjatlari tekshirildi.
Natijada haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgani, shuningdek, transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, transport vositasidan oq-qizil rangli, kuchli ta’sirli psixotrop moddaga o‘xshash 16 dona kapsula ko‘rinishidagi dori vositalar borligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro va ashyoviy dalillar ichki ishlar bo‘limiga topshirildi. Joylarda bu kabi nazorat tadbirlari davom etmoqda.

***
Zangiota tumanida “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda diniy qadriyatlarning o‘rni va islomda ayollarga munosabat” mavzusida ma’rifiy seminar-trening tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari N.Normirzayeva, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori N.Yusupova, mas’ul mutaxassislar ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha ma’ruzalar va seminar-treninglar o‘tkazdi.
Tadbirga tuman targ‘ibot guruhi a’zolari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati vakillari, otinoyilar, shuningdek, mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollar jalb etildi. Muloqotda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda ayollarning o‘rnini yuksaltirish, ularning huquqiy madaniyatini oshirishga e’tibor qaratildi.

A.Musayev, O‘zA.