Angren shahrida aholi bandligini ta’minlash maqsadida ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan qizil toifadagi mahallalarda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasini tashkil etildi.
Unda 25 ta korxona va tashkilot 160 ta bo‘sh ish o‘rini bilan ishtirok etdi. Asosan “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlar, jazoni ijro etish maskanidan qaytgan hamda probatsiya hisobida bo‘lgan shaxslar va ishsiz yoshlar jalb etildi.
Tadbir davomida 5 nafar fuqaro kasb-hunarga yo‘naltirildi, 11 nafar fuqaro doimiy ishga joylashdi. Uy sharoitida band bo‘lgan va o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lganlarga hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga huquqiy tushunchalar berildi.
***
Yuqori Chirchiq tumanida aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, muassasa tubdan yangilangan qiyofa kasb etdi.

Bunyodkorlik ishlari doirasida poliklinika binolarining tashqi va ichki qismi ta’mirlanib, faoliyat uchun zarur sharoit yaratildi. Xonalar yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida fuqarolarni qabul qilish tizimi ham to‘liq elektronlashtirildi.
***
Shu kunlarda, aynan kirish imtihonlari arafasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan hududlardagi “Inson” markazlari qoshida faoliyat yuritayotgan volontyor yoshlar nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Volontyorlar test sinovlari vaqtida abituriyentlarga zaruriy shart-sharoitlarni yaratishda faol ishtirok etmoqda. Viloyat volontyorlari ham bu jarayonda jonbozlik ko‘rsatib, abituriyentlarga test sinovlarigacha bo‘lgan bosqichlarda hamrohlik qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.