Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
14:39 / 2025-07-15

Olmaliq shahrida zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. “OLMALIQ TRANS SERVIS” korxonasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 26 ta “Yutong” rusumli zamonaviy avtobuslar olib kelindi.

Mazkur avtobuslar hududdagi yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida, xususan, “5/3-kichik nohiya – Qalmoqqir boshqarmasi” hamda “Qalmoqqir boshqarmasi – Ammofos-Maxam AJ” yo‘nalishlarida harakatni boshladi. Kelgusida, Olmaliq shahrining transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasiga muvofiq, jami 7 ta shahar ichi avtobus yo‘nalishlarida 95 ta avtobus qo‘yilishi belgilangan. 

*** 

Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan viloyat IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni undirish borasida qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

Xususan, joriy yil boshidan beri jami 6,8 milliard so‘mlik 3 ming 562 ta ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning nomida avtotransport vositalari mavjudligi aniqlangan. Shundan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 1 ming 112 ta qidiruvda bo‘lgan avtotransport vositalari maxsus jarima maydonchalariga joylashtirilgan. 

Hozirda, qarzdorligini o‘z vaqtida bartaraf etmagan hamda qidiruvda bo‘lgan shaxslarga tegishli avtotransportni topish borasida tezkor choralar ko‘rilmoqda. 

*** 

“Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi tasarrufidagi Olmaliq avtomobil maktabida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Unda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va viloyat kengashi rahbariyati, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Toshkent viloyati hokimligi, Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organi vakillari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Dastlab, ishtirokchilar mazkur maktabda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari, trenajyorlar, o‘quv avtodromi, tashkil etilgan o‘q otish, aviamodel, kemamodel, karting va motosport bo‘yicha seksiyalar bilan yaqindan tanishdi. Harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati yoshlar uchun katta ma’naviy va hayotiy saboq bo‘ldi. 

Tadbir davomida, “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi tomonidan tasarrufdagi o‘quv muassasalariga zamonaviy uch dona “Foton” rusumli yuk avtomobili, 15 dona “Onix” rusumli yengil avtomobil va 23 dona pnevmatik sport qurollari tantanali topshirildi. 

A.Musayev, O‘zA.