Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida shaxmat bo‘yicha “Ittifoq kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, Toshkent viloyati sport boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurafshon shahar bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bellashuvda hududdagi kuch tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan jami 64 nafar huquqni muhofaza qiluvchi tizim xodimlari o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra birinchi o‘rinni Olmaliq shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchisi Sanjar Hamidov egalladi. Ikkinchi o‘rinni viloyat bojxona boshqarmasi xodimi Ravshan Meliyev, uchinchi o‘rinni esa Olmaliq shahridagi harbiy qism xizmatchisi Xusniddin To‘xtayev qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari va maxsus diplomlar topshirildi.


***
Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning muammolarini tezkorlik bilan bartaraf etish va yangi qulayliklar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Olmaliq shahrida tashkil etilgan tadbirda Ohangaron tuman, Angren va Olmaliq shaharlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilindi.
Jumladan, viloyat prokuror o‘rinbosari X.Bo‘riyev kichik sanoat zonalaridagi qurilishga ruxsatnoma olish, loyihani kelishish va ekspertiza xulosasi olish, kadastr, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish kabi mavzularda tushuntirish berdi. Bank, soliq, mikromoliya tashkilotlari bilan munosabatlarga oid 17 ga yaqin murojaatlar tinglandi hamda asosiy qismi joyida hal etildi.

Shuningdek, sanoat zonalari ixtiyoridagi yer uchastkalari va bino-inshootlardan yillar davomida samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan munosabat bildirib borish, loyihalarni joylashtirishda hududlarning geografik joylashuvi hamda infratuzilma imkoniyatlarini inobatga olinishi zarurligi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

***
Majburiy ijro byurosining Angren shahar bo‘limi yangi qurilgan zamonaviy binoda o‘z faoliyatini olib boradigan bo‘ldi. Yangi binoning ochilish tadbirda soha xodimlari, shahar hokimligi mas’ullari, faollar qatnashdi va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Barpo etilgan ikki qavatli binoda zamon talablariga mos 25 ta xona va qo‘shimcha qurilish, jumladan, ona va bola xonasi, kitob mutolaasi uchun ma’naviyat xonasi, oshxona, yotoqxona, avtoturargoh va yashil maydonlar barpo etilgan.

A.Musayev, O‘zA.